TOShKENT, 30 sen – Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Belarus poytaxtidagi Yevroosiyo hukumatlararo kengashi majlisida ishtirok etdi va hamkorlikka oid qator tashabbuslarni bildirdi.
Aripov O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari o‘rtasida raqamli hamkorlik dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.
“Axborot texnologiyalari va sun’iy intellektning jadal rivojlanishini hisobga olgan holda biz raqamli hamkorlik dasturini birgalikda batafsil o‘rganishni boshlashni taklif qilamiz”, - dedi bosh vazir.
Uning fikricha, bunday dastur transchegaraviy elektron savdoni rivojlantirish, yangi avlod logistika platformalarini yaratish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashni qamrab olishi kerak.
Aripovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston an’anaviy ravishda sanoat kooperatsiyasi va investitsiya hamkorligini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda.
“Biz nafaqat tayyor mahsulotlar savdosini kengaytirishga, balki barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga, mahalliylashtirishga, texnologiyalarni uzatishga va tashqi bozorlarga birgalikda kirishga intilamiz”, - deya qo‘shimcha qildi Aripov.
Mamlakat bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston YeOII mamlakatlari bilan agrar sohada hamkorlik qilish dasturi loyihasini tayyorladi.
“Biz agrar sohadagi hamkorlikka ustuvor ahamiyat beramiz, uni o‘zaro munosabatlarning strategik yo‘nalishi deb bilamiz. Shu munosabat bilan biz O‘zbekistonning YeOII bilan agrokooperatsiya dasturi loyihasini tayyorladik va hamkorlarimizga ko‘rib chiqish uchun taqdim etdik”, - dedi Aripov.
O‘zbekiston bosh vaziri dasturni amalga oshirish oziq-ovqat barqarorligini sezilarli darajada mustahkamlashga va respublika va YeOII mamlakatlari o‘rtasida agrar mahsulotlar o‘zaro savdosini kengaytirishga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujjat logistika yo‘nalishlarini soddalashtirish, yashil texnologiyalarni qo‘llash va yashil yo‘lakni ishga tushirish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston YeOII bilan savdo munosabatlarini liberallashtirish to‘g‘risida bitim tuzish masalasi bo‘yicha aniq qarorlarni kutmoqda.
“Biz O‘zbekiston va Ittifoq o‘rtasidagi savdo munosabatlarini liberallashtirish to‘g‘risida bitim tuzish masalasida aniq qarorlarga erishishni muhim vazifa deb bilamiz”, - dedi mamlakat bosh vaziri.
Aripovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan texnik tartibga solish tizimlarini yaqinlashtirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini tezroq imzolash tarafdori.
O‘zbekiston bosh vaziri Toshkent transport aloqalarini rivojlantirish va YeOII bilan zamonaviy tranzit yo‘nalishlarini shakllantirishga alohida ahamiyat berishini ta’kidladi.
“Shu munosabat bilan eng qisqa vaqt ichida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha maslahatlashuvlar tashkil etishga tayyormiz: O‘zbekistonni YeOIIning raqamli transport yo‘laklari ekotizimiga ulash, mamlakatimizni bojxona tranzitining yagona tizimiga qo‘shish, birlashmaning o‘tish punktlarining yagona integratsiyalashgan tizimini shakllantirishda ishtirok etish”, - deya qo‘shimcha qildi Aripov.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston kuzatuvchi davlat maqomida YeOII bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar olib bormoqda, bugungi kunda respublikada Ittifoq mamlakatlari kapitali ishtirokida 5 000 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.
“So‘nggi yillarda o‘zaro savdo izchil va jadal rivojlanmoqda, yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi va etkazib berish nomenklaturasi kengaymoqda. Sanoat, agrar soha va xizmatlarda kooperatsiya ham chuqurlashmoqda. Bugungi kunda YeOIIga a’zo davlatlar va kuzatuvchilar kapitali ishtirokida mamlakatimizda 5000 tadan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda", - dedi Aripov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston uch yillik qo‘shma tadbirlar rejasini amalga oshirish bo‘yicha Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan faol ish olib bormoqda. Xususan, joriy yilning avgust va sentabr oylarida komissiya bilan birgalikda O‘zbekiston va YeOII o‘rtasidagi savdo bitimi loyihasini kelishish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazildi, yaqinda esa O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankining ustav kapitalidagi aksiyalarni sotib olish uchun birinchi to‘lovni amalga oshirdi.
YeOII
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) - 2015-yil 1-yanvardan faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro iqtisodiy birlashma. Ittifoqqa hozir Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zodir. O‘zbekiston 2020-yilda YeOIIda kuzatuvchi maqomini oldi. Moldova, Kuba, Eron ham kuzatuvchi maqomiga ega.