Ommaviy zaharlangan bolalarning deyarli hammasi sog‘aydi — Sanepidqo‘m

Santariya-epidemiologik qo‘mita mamlakat bo‘ylab barcha ta’lim muassasalarida ovqatlanish xizmatlari ustidan nazorat va profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytiradi.
Sputnik
TOShKENT, 30 sen – Sputnik. 30-sentabr soat 14:00 holatiga ko‘ra Toshkent viloyatidagi shifoxonalarda bog‘chalarda ovqatdan zaharlanib, davolanayotgan 3 nafar bola qoldi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ular asosiy holatdan to‘liq sog‘aygan bo‘lib, davolash jarayonida ularda oldindan mavjud kasalliklar aniqlangani sababli qo‘shimcha tibbiy kuzatuv ostida qoldirilgan. Bolalarning ahvoli barqaror va yaqin kunlarda uylariga javob beriladi.
“Shunday qilib, tibbiy tadbirlar to‘liq yakunlandi. Shifoxonalar esa o‘zining odatiy ish faoliyatiga qaytdi. Eng muhimi, davlatimiz tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli vaziyat barqaror ushlab turildi", — deydi Atabekov.
Sanepidqo‘m raisi o‘rinbosari ta’kidlashicha, Qo‘mita mamlakat bo‘ylab barcha ta’lim muassasalarida ovqatlanish xizmatlari ustidan nazorat va profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytiradi.
Avvalroq Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda bolalar ommaviy zaharlanishi holati yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilgani xabar qilingan edi. Ushbu holat yuzasidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalar mas’ul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozir dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyatida ovqatdan zaharlangan bolalar ahvoli haqida ma’lumot berildi