Daraxt kesish, yer va qurilish qonunbuzarligi, elektr uzilishlar kosmosdan nazorat qilinadi

2026 yildan ekologiyani nazorat qilish, elektr uzilishlari, noqonuniy daraxt kesish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash va bino qurilishlarini aniqlash uchun kosmik monitoring joriy etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 30 sen – Sputnik. “Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirish va qishloq xo‘jaligi quyi bo‘g‘inida boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni (PF–177-son, 26.09.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (Agentlik) tomonidan quyidagi holatlarni aniqlash maqsadida yiliga kamida 3-marta davlat kosmik monitoringi o‘tkaziladi:
geologiya sohasida – yer qa’ridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, shu jumladan, ruxsatnomada ko‘rsatilgan hududdan tashqariga chiqish;
yer munosabatlari sohasida – yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda ularda bino va inshootlar qurish;
ekologiya sohasida – mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish, shuningdek, noqonuniy yangi chiqindi zonalari vujudga kelishi.
2026 yil 1-martdan belgilangan vakolatli organlar o‘zi aniqlagan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha ma’lumotlarni onlayn ravishda tegishli konturlar kesimida raqamli ko‘rinishda integratsiya orqali SGM platformasiga taqdim etib boradi.
Bunda ma’lumotlar ogohlantirish berilgani, huquqbuzarlik bartaraf etilgani, hujjatlar prokuratura va sud organlarida ko‘rib chiqilayotgani to‘g‘risidagi belgilarni o‘z ichiga oladi.
Hujjatda belgilanishicha, 2026-yildan har kalendar yil yakuniga qadar respublika bo‘yicha daraxtzorlarning noqonuniy kesilishini kosmik monitoring orqali aniqlash yo‘lga qo‘yiladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘rmon agentligi kosmik monitoring ma’lumotlari orqali aniqlangan daraxtzorlar noqonuniy kesilishi holati bo‘yicha:
- ma’lumot taqdim etilgan kundan boshlab 5 kun ichida joyiga chiqib o‘rganish ishlarini tashkil etadi va tasdiqlovchi hujjatlarni integratsiya orqali SGM platformasiga kiritadi;
- belgilangan tartibda qonuniy choralar ko‘rilgan kundan so‘ng 1 kun ichida bu haqdagi ma’lumotlarni Agentlikka taqdim etadi.
Bunda 2026-yil 1-martdan ushbu ma’lumotlar integratsiya orqali raqamli ko‘rinishda SGM platformasiga kiritib boriladi.

2026 yil 1-martdan boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan yer maydonlarida somonpoyalar va ularning qoldiqlarini yoqish holatlari bo‘yicha ma’lumot taqdim etilgan kundan boshlab 1 kun ichida joyiga chiqib o‘rganish ishlarini tashkil etadi.

2026 yildan quyidagi loyihalar sinov tariqasida amalga oshiriladi:
energetika sohasida – elektr uzatish tarmoqlaridagi nosozliklarni barvaqt aniqlash maqsadida 2026-yil 1-avgustgacha Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari holati aerokosmik monitoringdan o‘tkaziladi;
“yashil” energetikani rivojlantirish maqsadida 2026-yil 1-oktabrgacha Surxondaryo viloyatida quyosh panellarini joylashtirish va yuqori samaradorlikka erishish imkoniyati mavjud bo‘lgan maydonlar aniqlanadi;
transport sohasida – vazirlik tomonidan temir yo‘llar holatini tezkor nazorat qilishga o‘tish maqsadida Agentlik imkoniyatlaridan foydalangan holda 2026-yil 1-oktabrgacha Toshkent–Angren yo‘nalishidagi temir yo‘lda aerokosmik monitoring amalga oshiriladi.
2026 yil 1-iyuldan hududlarda Agentlikning aerokosmik ma’lumotlaridan samarali foydalanish holati bo‘yicha mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralar reytingini yuritish yo‘lga qo‘yiladi.
Qishloq xo‘jaligida kosmik ma’lumotlardan foydalanish kengayadi