TOShKENT, 29 sen – Sputnik. “Tadbirkorlik subyektlarini yangicha yondashuvlar asosida qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni (PF–176-son, 26.09.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabrdan "Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniya"si tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun quyidagi instrumentlar joriy etiladi:
tadbirkorlarni ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalariga banklar orqali 10 milliard so‘mgacha kreditlar ajratish uchun resurs joylashtirish;
kichik biznesning ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va “yashil iqtisodiyot” yo‘nalishidagi mikroloyihalariga 500 million so‘mgacha kreditlar quyidagi shartlarda qayta moliyalashtiriladi:
ajratilgan kreditning foiz stavkasini 6 foizgacha, biroq Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkagacha kamaytirish;
kamida 1-yil faoliyat yuritgan va 2 nafar xodimi bo‘lgan hamda 5 ta va undan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratadigan loyihalarga taqdim etish.
Shuningdek, 2025-yil 1-dekabrdan kompaniya tomonidan qo‘shimcha ravishda kafolat yoki kafillik quyidagi shartlarda taqdim etilishi belgilandi, jumladan:
- yirik tadbirkorlarga 10 milliard so‘mgacha, biroq kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarning 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
- o‘rta va yirik tadbirkorlarning ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishidagi yirik loyihalariga ularning aylanmasidan kelib chiqib, 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan miqdorda;
- avval kafillikdan ijobiy foydalangan va yaxshi kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlarga amalda belgilangan kafillik miqdorini 1,5 baravargacha oshirgan holda.
2026 yildan olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan kichik va o‘rta tadbirkorlarga ajratilgan kreditlarning mos ravishda 1,5 milliard so‘mgacha va 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan qismini Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkasigacha qayta moliyalashtirish orqali kompensatsiya taqdim etiladi.
Bunda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning a’zolari tadbirkorlarda band bo‘lgan xodimlarning kamida:
-️ 5 nafarini tashkil qilganda – 2 foizgacha;
-️ 10 nafarini tashkil qilganda – 4 foizgacha;
-️ 20 nafarini tashkil qilganda – 6 foizgacha miqdorda qayta moliyalashtiriladi.