TOShKENT, 29 sen – Sputnik. O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziya poytaxtida bo‘lib o‘tgan Osiyo va Tinch okeani davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbusi bo‘yicha 12-mintaqaviy konferensiyada ishtirok etdi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Anjuman joriy yilning 23-26 sentabr kunlari Jakarta shahrida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) va Osiyo Taraqqiyot banki (OTB) bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Mintaqaviy konferensiya doirasida O‘zbekiston Osiyo va Tinch Okeani davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbusiga rasmiy qo‘shildi.
Xorijiy hamkorlar korrupsiyaga qarshi kurashishda O‘zbekiston tajribasi, xususan, tadbirkorlik subyektlarida uchraydigan korrupsiya holatlari va maishiy korrupsiya oldini olish hamda aholida korrupsiyaga qarshi immunitet hosil qilishda erishilgan ijobiy natijalarni yuqori baholadi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva Indoneziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi rahbari Agus Joko Pramono bilan uchrashdi.
Uchrashuvda korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida yaqindan hamkorlik o‘rnatish, ikki idora o‘rtasida memorandum imzolash va qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Ma’lumot uchun: Osiyo va Tinch okeani davlatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbusi OTB va IHTT qo‘shma kotibiyatlari ostida faoliyat yuritadi. Tashabbusning asosiy maqsadi — siyosatchilar, amaliyotchilar, ekspertlar va xususiy sektor rahbarlarini korrupsiyaga qarshi kurash va biznesning halolligi bo‘yicha fikr hamda ilg‘or tajriba almashish uchun yig‘ish, shuningdek, rivojlanayotgan davlatlarga samarali choralar ishlab chiqishda ko‘mak berish.