Moldovada parlament saylovlari boshlandi – tafsilotlar

Asosiy kurash hokimiyat tepasidagi “Harakat va birdamlik” partiyasi hamda “Vatanparvarlar bloki” yetakchiligidagi birlashgan muxolifat o‘rtasida kechmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 28 sen – Sputnik. Moldova Respublikasida parlament saylovlari boshlandi. Mamlakat hududi bo‘ylab mahalliy soat 7:00 da saylov uchastkalari ochildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, saylov jarayonlari mamlakatdagi siyosiy keskinlik, muxolifatga nisbatan kuchaygan bosim va xalqaro kuzatuvchilarga qo‘yilgan cheklovlar fonida o‘tayotgani bilan e’tibor qozonmoqda.

Xususan, Yevropada 301, Rossiyada 2, Dnestrbo‘yida esa 12 ta uchastka ochilgan.

Rossiya va Dnestrbo‘yidagi uchastkalar sonining keskin qisqartirilishi, kuzatuvchilar so‘zlariga ko‘ra, muxolifat ovozlarini cheklash maqsadida amalga oshirilgan. Yevropadagi diasporaning ovozlariga tayanib, u yerda esa uchastkalar soni ko‘paytirilgani aytilmoqda.
Saylovda 15 ta siyosiy partiya, 4 ta siyosiy blok va 4 nafar mustaqil nomzod ishtirok etmoqda.
Parlamentda jami 101 ta o‘rin mavjud. Undan joy olish uchun:
Mustaqil nomzodlar – 2%,
Partiyalar – 5%,
Saylov bloklari – 7% ovoz to‘plashi lozim.

Asosiy kurash prezident Mayya Sandu bilan bog‘liq hokimiyatdagi “Harakat va birdamlik” partiyasi hamda “Vatanparvarlar bloki” yetakchiligidagi birlashgan muxolifat o‘rtasida kechmoqda”, – deyiladi xabarda.

Saylov arafasida bir qator ko‘ngilsiz voqealar ro‘y bergan:
“Moldova yuragi” partiyasi saylov arafasida, “sud qaroriga asosan”, 12 oyga taqiqlangan va saylovdan chetlatilgan.
“Buyuk Moldova” partiyasi ham siyosiy maydondan olib tashlangan. Partiya yetakchisi, sobiq prokuror Viktoriya Furtune bu qarorni tanqid qildi va qarshilik ko‘rsatishga urundi.
Iyul oyidayoq Ilan Shor boshchiligidagi “G‘alaba” muxolifat bloki ro‘yxatga olinmagan. Sabab sifatida “hujjatlarda xatolik va qonunchilikka zid harakatlar” ko‘rsatilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, saylovda kuzatuvchilar ham cheklovlarga uchragan. Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi 30 tadan ortiq xalqaro tashkilot va 120 nafar ekspertga, jumladan, Rossiya vakillariga, akkreditatsiyadan o‘tishga ruxsat bermagan.

Shuningdek, mamlakatda yuzdan ortiq OAV, jumladan “Komsomolskaya pravda”, “Argumenti i fakti”, “Lenta.ru”, Sputnik Moldova agentligi va boshqa nashrlar bloklangan.
Yevropa ittifoqi va Rossiya bu holatni diqqat bilan kuzatmoqda. Yaqin kunlarda xalqaro kuzatuvchilar va tashkilotlar tomonidan rasmiy baho berilishi kutilmoqda.
Ertaga Moldovada eng nopok parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi