Aripov MDH Hukumat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etadi

Uchrashuv tor va keng doirada o‘tkaziladi. Majlis kun tartibi rejasida 15 ta masala ko‘zda tutilgan. 
Sputnik
TOShKENT, 28 sen – Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining (MDH) Hukumat rahbarlari kengashi majlisida qatnashadi. Bu haqda MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, majlis 29-sentabr kuni Belarus poytaxti Minskda tor va keng shaklda o‘tkaziladi. Uning kun tartibi 15 ta masalani o‘z ichiga oladi.
"Hukumat rahbarlari muhokamasiga ilmiy-texnologik soha, o‘rmon xo‘jaligi va o‘rmon sanoati, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, qurilish, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish kabi sohalardagi hamkorlikka oid masalalarni kiritish rejalashtirilgan”, – deyiladi xabarda.
Shuningdek, yig‘ilishda MDHning 2030-yilgacha mo‘ljallangan iqtisodiy rivojlanish strategiyasi ikkinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, 2026-yilda MDHda Sog‘liqni saqlash yilini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va uni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi loyihalarini tasdiqlash taklif etiladi.
Eslatib o‘tamiz, MDH Hukumat rahbarlari kengashining avvalgi yig‘ilishi 2025-yil 5-iyun kuni Tojikiston poytaxti Dushanbeda bo‘lib o‘tgan edi.
Minskda MDH davlatlari Qurolli kuchlari bosh shtab rahbarlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi