TOShKENT, 27 sen – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yadro zarari uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga qo‘shilishi haqidagi qonunni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston yadroviy hodisalar natijasida yetkazilgan zararni qoplash masalalarini tartibga soluvchi xalqaro shartnomaning rasmiy ishtirokchisiga aylanadi.
1963 yil 21-mayda qabul qilingan Konvensiya operator uchun qat’iy javobgarlikni, majburiy sug‘urtalashni va jabrlanganlar huquqlarini himoya qilishni nazarda tutadi. Konvensiyaga qo‘shilgan davlatlar qatorida Rossiya, Qozog‘iston va boshqa bir qancha mamlakatlar bor.