Toshkent viloyati bog‘chalaridagi holat yuzasidan vazir sayyor tashriflar uyushtirdi

109 nafar bola hamon kasalxonalarda, ammo ular jiddiy zarar ko‘rmagan – vazirlik.
Sputnik
TOShKENT, 26 sen — Sputnik. O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri (MMTV) E’zoza Karimova Toshkent viloyatidagi bir necha tumanlarda kuzatilgan bolalarning ommaviy zaharlanish holatlaridan so‘ng bog‘chalarga tashrif buyurdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlarida bolalar ommaviy tarzda ovqatdan zaharlangani, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma’lumotlar taqdim qilgan edik. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, muammo sut va sut mahsulotlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi ham ochiqlangan edi.
Vazirlik holat yuzasidan dastlabki izohida quyidagicha bayonot bergan edi:

“Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi tashxisi qo‘yildi. Zarur muolajalar o‘tkazildi va aksariyat bolalar sog‘lig‘i yaxshilangani bois uylariga javob berildi”.

Bugun esa holatni chuqurroq o‘rganish maqsadida E’zoza Karimova, uning o‘rinbosari Azizbek Turdiyev va boshqa vazirlik vakillari Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on, Piskent va Bo‘ka tumanlarida bo‘lib, bog‘chalarni ko‘zdan kechirgani ma’lum qilindi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda:
Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar bola;
Oqqo‘rg‘on tumanida esa 97 nafar bola shifokorlar nazoratida qolmoqda.
MMTV sayyor tashriflar uyushtirdi
Ularning ahvoli barqarorligi ta’kidlangan. Shuningdek, Piskent va Bo‘ka tumanlarida tarbiyalanuvchilar navbati bilan profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

"Bolalar salomatligiga jiddiy tahdid soluvchi holatlar aniqlanmadi. Holat nazoratga olingan. Tergov harakatlari davom etmoqda", — deyiladi vazirlik bayonotida.

Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda bolalar ovqatdan ommaviy zaharlandi