O‘zbekistonda atomchilar shaharchasi barpo etiladi

“Atomchilar” shahri keyingi 5-yil ichida qurib bitkaziladi va nafaqat energetik, balki strategik ahamiyatga ham ega.
Sputnik
TOShKENT, 26 sen – Sputnik. O‘zbekiston kichik quvvatli atom elektr stansiyasini (AES) qurish doirasida atomchilar shaharchasini barpo etadi. Bu haqda "O‘zatom" direktori Azim Axmedxadjayev Moskvada bo‘lib o‘tayotgan xalqaro “Jahon atom haftaligi”da ma’lum qildi.
AESdan foydalanish uchun maxsus shahar barpo etiladi
Uning ta’kidlashicha, loyiha bosqichlarida 14 ming nafargacha mutaxassis jalb qilinadi, shundan ming nafarga yaqin yuqori malakali kadrlar kichik quvvatli AESning doimiy ishlashiga mas’ul bo‘ladi. Shuning uchun bu miqdordagi inson kapitali uchun qulay yashash va ishlash sharoitlarini yaratish zarurati maxsus infratuzilmaviy markaz – atomchilar shaharchasini qurishni taqozo qiladi, deydi u.
“Bu shahar dastlabki 5-yil ichida, keyingi 80-yil davomida esa minglab insonlarning turmush manfaatlari markaziga aylanadi”, – dedi Axmedxadjayev.
Kichik modulli reaktorlar (RITM-200N) asosidagi stansiya Jizzax viloyatida quriladi. Loyiha doirasida jami 330 MVt quvvatga ega 6 reaktor o‘rnatilishi rejalashtirilgani aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, qurilish bo‘yicha eksport shartnomasi 2024-yil may oyida imzolangan, bu – O‘zbekiston tarixida dastlabki, xalqaro miqyosda esa noyob kelishuv sanaladi. "Rosatom" bosh pudratchi sifatida ishtirok etadi va mahalliy qurilish kompaniyalari ham jarayonga jalb qilinadi.

“AESning ishga tushirilishi nafaqat energetik balansni diversifikatsiya qiladi, balki mamlakatimizning energetik xavfsizligini mustahkamlash imkonini beradi”, – deya ta’kidladi "O‘zatom" direktori.

Shuningdek, u O‘zbekistonning yadroviy xavfsizlik borasida xalqaro mas’uliyatni to‘liq o‘z zimmasiga olayotganini qayd etdi. Mamlakat barcha asosiy xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilgan va atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlik, ochiqlik va hamkorlik tamoyillariga tayangan holda faoliyat yuritishini ma’lum qildi.
Xodjayev: O‘zbekiston uchun AES loyihasi Rossiya bilan strategik hamkorlik namunasi