TOShKENT, 26 sen — Sputnik. BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov qator davlatlar tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Albaniya Yevropa ishlari va tashqi ishlar vaziri Elisa Spiropali bilan uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy sohalardagi hamkorlik uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Tashqi siyosat idoralari o‘rtasida muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yuvchi Idoralararo hamkorlik to‘g‘risidagi protokol imzolandi. Bu muhim qadam muloqotni mustahkamlash va yangi imkoniyatlar ochish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan uchrashuvda savdo, energetika, transport va madaniy almashinuv sohalaridagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi. Shuningdek, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Yaponiya tashqi ishlar vaziri Ivaya Takeshi bilan uchrashuvda O‘zbekistonga yaqinda amalga oshirilgan tashrif natijalari va ushbu dinamikani mustahkamlash bo‘yicha aniq qadamlar muhokama qilindi. Suhbat markazida siyosiy muloqot, savdo va investitsiyalar, transport aloqalari, ta’lim va madaniy almashinuv masalalari turdi. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p yillik do‘stlik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlash rejalari ko‘rib chiqildi.
Uganda tashqi ishlar vaziri Jeje Odongo bilan uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, savdo, sarmoya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va madaniy almashinuv sohalarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Xalqaro maydonda birgalikda harakat qilish muhimligi ham ta’kidlandi.
Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges Parrilya bilan uchrashuvda siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda muloqotni rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, shu munosabat bilan Idoralararo hamkorlik to‘g‘risidagi protokol imzolandi.
Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan uchrashuvda strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, savdo, investitsiya, energetika va madaniy almashinuv sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Chernogoriya tashqi ishlar vaziri Ervin Ibragimovich bilan uchrashuvda iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, yangi savdo imkoniyatlarini o‘rganish va madaniy almashinuvni kengaytirish yo‘llari muhokama qilindi. Shuningdek, vazirliklar o‘rtasida Idoralararo hamkorlik to‘g‘risidagi protokol imzolandi.
Shimoliy Makedoniya tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri Timcho Mutsunski bilan uchrashuvda ham protokol imzolandi. Bu muhim qadam muloqotni chuqurlashtirish va sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga bilan uchrashuvda savdo, investitsiya, ta’lim va madaniy hamkorlik kabi ikki tomonlama munosabatlardagi dolzarb masalalar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama aloqalar muhokama qilindi.
Jazoir tashqi ishlar vaziri Ahmed Attaf bilan uchrashuvda iqtisodiy va savdo hamkorligini kengaytirish, madaniy va ta’lim sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan uchrashuvda strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash hamda barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Belarus tashqi ishlar vaziri Maksim Rijenkov bilan uchrashuvda munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi. Siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo va investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bolgariya tashqi ishlar vaziri Georg Georgiyev bilan uchrashuvda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, savdo va investitsiya oqimini oshirish, shuningdek, madaniy va ta’lim sohalarida almashinuvni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Palau Davlat vaziri Gustav Aytaro bilan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatishga oid tarixiy hujjat — Qo‘shma kommunike imzolandi. Bu qadam yangi imkoniyatlar ochish va mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.