TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Xitoyning "Yunnan Construction Investment Group Co" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar chog‘ida kompaniya tomonidan Bobur (Yangi Andijon) shahri, Andijon tumanidagi "Ipak yo‘li" hamda Paxtaobod tumanidagi to‘qimachilik erkin iqtisodiy zonalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.
Loyihalarning umumiy qiymati 200 mln dollar bo‘lib, 2025–2026 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Ular doirasida kommunikatsiya tarmoqlarini moliyalashtirish va qurish ishlari nazarda tutilgan.
"Yunnan Construction Investment Group Co" rahbariyati mazkur loyihalar belgilangan tartib va muddatlarda to‘liq yakunlanishini ta’kidladi.