TOShKENT, 25 sen — Sputnik. AQShda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov AQSh Eksport-import banki (Export-Import Bank of the United States) prezidenti va boshqaruv raisi Jon Yovanovich bilan uchrashdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralarda moliya, texnologiyalar, infratuzilmani modernizatsiya qilish va aviatsiya sohalaridagi loyihalar ijrosi muhokama qilindi.
Katta e’tibor kritik mineral resurslar (CRM), qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish va energetik xavfsizlikni mustahkamlash bo‘yicha hamkorlikka qaratildi. Xususan, EXIM Bank ko‘magida gaz infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarining ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, investitsiyalar va savdoni kengaytirish, innovatsiyalarni joriy etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Shu nuqtayi nazardan, mamlakat YaIMni 200 mlrd dollarga yetkazishni va O‘zbekistonni ishonchli hamkor sifatida mustahkamlashni ko‘zda tutgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi AQSh bilan hamkorlikni barqaror o‘sish va innovatsion rivojlanishning muhim omili sifatida belgilaydi.