TOShKENT, 25 sen – Sputnik. Ekologik talablarni buzgani uchun Navoiy viloyatidagi qator sanoat korxonalari, shu jumladan, “Navoiyazot” AJning ammiak sexi ham faoliyati ham vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Navoiy viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda boshqa mutaxassislar tomonidan Navoiy shahri va Karmana tumani atrofidagi korxonalar faoliyati o‘rganildi.
Nazorat tadbirlari davomida 22 ta sanoat korxonasi tomonidan ekologik talablarga zid tarzda faoliyat olib borilayotganligi aniqlanib, qaror asosida ushbu korxonalar faoliyatini to‘xtatish yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi hamda 25 nafar mas’ullarning ma’muriy javobgarlik masalasi hal qilindi.
Shuningdek, atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 22 ta korxona va sexlar faoliyatini to‘xtatish yuzasidan iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari kiritildi. Shulardan Karmana tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 19 tasi qanoatlantirildi.
Xususan, 23-sentabr kuni Navoiy viloyat sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari Karmana iqtisodiy sudining qarori yuzasidan berilgan shikoyat arizasi ko‘rib chiqilib, “Navoiyazot” AJning 23-sexi (ammiak) faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Navoiy viloyatida kuzatilgan havoning yuqori ifloslanishi bilan bog‘liq holat o‘rganilib, "Navoiyazot" AJ atrofida tahlil ishlari olib borilganda atmosfera tarkibida ammiak 1,4 baravar hamda vodorod sulfidi 16,8 baravar meyordan yuqoriligi aniqlanganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.
Ma’lumot uchun: "Navoiyazot" AJ O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda yetakchilardan biri bo‘lgan kimyo sanoati korxonasi. Korxonada iqtisodiyotning qishloq xo‘jaligi, sanoat, tibbiyot va boshqa sohalarida qo‘llaniladigan keng turdagi kimoviy mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.