TOShKENT, 25 sen — Sputnik.. Kanadaning Monreal shahrida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) Assambleyasining 42 sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizati xabar berdi.
Unda ICAO ga a’zo 193 ta davlatdan 3000 dan ortiq delegatlar ishtirok etishmoqda. O‘zbekiston delegatsiyasiga Transport vazirligi huzuridagi “O‘zaviatsiya” agentligi direktori Tohir Nazarov boshchilik qilmoqda.
Assambleyasining 42-sessiyasini ICAO Kengashi prezidenti Salvatore Shakkitano va ICAO bosh kotibi Xuan Karlos Salasar ochib berishdi.
Salvatore Shakkitano o‘z nutqida tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, bugun dunyo aviatsiyasi o‘zaro hamkorlikda yechim topishni taqozo etayotgan qator global chaqiriqlarga duch kelayotganini ta’kidladi. U shuningdek, har qanday qiyinchiliklarga qaramasdan fuqaro aviatsiyasi global mobillikning asosi bo‘lib qolishi kerakligini aytib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: ICAO Assambleyasi Tashkilotning oliy organi hisoblanadi. U uch yilda kamida bir marta yig‘iladi. Assambleyaga a’zo davlatlar va ko‘plab xalqaro tashkilotlar taklif etiladi, ular tashkilotning kelgusi uch yillik davr uchun butunjahon siyosatini belgilaydi. Assambleya sessiyalarida ICAOning texnik, iqtisodiy, yuridik sohalardagi va texnik hamkorlik sohasidagi butun ish dasturi batafsil ko‘rib chiqiladi.