O‘zbekiston tarvuzlari Chelyabinskda eksport bo‘yicha yetakchilik qilmoqda

Bojxona xizmatining xabar berishicha, sabzavot va mevalarning mavsumiy importi viloyatdagi oziq-ovqat narxlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 24 sen – Sputnik. Joriy yilda Rossiyaning Chelyabinsk viloyatiga tarvuz eksporti sakkiz baravarga oshdi. Bu haqda viloyat bojxona xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, bu yil ilk tarvuz partiyasi mart oyida aynan O‘zbekistondan yetkazib berilgan. Yil davomida olib kelingan mahsulotlar orasida eng ko‘p miqdor iyun oyida qayd etilgan — umumiy hajmning 70 foizi aynan shu davrga to‘g‘ri kelishi alohida ta’kidlanmoqda.
“Biz majburiy bojxona va fitosanitariya nazoratini o‘tkazdik. Barcha oziq-ovqat partiyalari ustuvor tartibda o‘tkazildi”, – deydi Chelyabinsk bojxona boshqarmasi boshlig‘i v.b Andrey Gurskiy.
Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, tarvuzlarning asosiy qismi O‘zbekistondan, qolgan qismi esa Qozog‘istondan olib kelingan. Ayni paytda Chelyabinsk viloyatida qovun importi esa to‘rt baravarga kamaygan.

Mahalliy ekspertlarning ta’kidlashicha, sabzavot va mevalarning mavsumiy importi viloyatdagi oziq-ovqat narxlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, avgust oyida yillik inflyatsiya darajasi 7,9 foizgacha pasaygan (iyulda bu ko‘rsatkich 9,2 foizni tashkil etgan).

Ma’lumot o‘rnida qayd etish mumkinki, Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston 130,6 ming tonna tarvuz eksport qilib, 29,9 million dollarlik tushumga erishgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 52,7 ming tonnaga ko‘pdir. O‘zbek tarvuzlarining asosiy xaridorlari Rossiya (66 ming tonna), Qozog‘iston (44 ming tonna) va Qirg‘iziston (19 ming tonna).
Meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish: videoselektorda nimalar belgilandi?