TOShKENT, 24 sen — Sputnik. 25 sentabr-9 oktabr kunlari Ozarbayjonda III MDH o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur musobaqada qatnashadigan O‘zbekiston terma jamoasi Ozarbayjonga yo‘l oldi.
Gabala, Ganja, Goyyo‘l, Mingachevir, Sheki, Xankendi va Yevlax shaharlarida tashkil etiladigan O‘yinlarda O‘zbekiston delegatsiyasi 254 nafar atlet bilan ishtirok etadi.
Sportchilar 23 ta yo‘nalishda bellashadi: stol tennisi, stenddan otish, badminton, futbol, o‘q otish, suzish, voleybol, erkin kurash, ayollar kurashi, yunon-rum kurashi, basketbol 3x3, qilichbozlik, sambo, dzudo, taekvondo WT, akademik eshkak eshish, baydarka va kanoeda eshkak eshish, karate, badiiy gimnastika, tramplin, chovgon, kamondan otish va boks.
Eslatamiz, 2023-yilda Belarusda bo‘lib o‘tgan ikkinchi MDH o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 28 ta oltin, 25 ta kumush va 53 ta bronza, jami 106 ta medal bilan umumjamoa hisobida Rossiya va Belarus mamlakatlaridan keyin uchinchi o‘rinni egallagan edi.