Toshkentda Rossiya ta’limi ko‘rgazmasi qanday o‘tdi - video

Bu yil yarmarkada Rossiyaning 22 ta shahridan 40 ta ta’lim muassasasi ishtirok etdi.
Sputnik
Poytaxtda "Rossiya ta’limi. Toshkent – 2025" xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Uni Rossiya Federatsiyasi elchixonasi ko‘magida Rossotrudnichestvoning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashkil etdi. Hamkorlar qatoriga O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Toshkentdagi MGIMO filiali, "Rosobrazovanie" nodavlat ta’lim muassasasi, “GENERAL LESSON” MChJ va boshqalar kirdi.
Ko‘rgazma-yarmarka allaqachon an’anaga aylangan: uni maktab o‘quvchilari, ularning o‘qituvchilari va ota-onalari intizorlik bilan kutmoqda. Bundan tashqari, bu tadbir ikki mamlakat orasidagi munosabatlarni mustahkamlovchi ko‘prik vazifasini bajarmoqda.

“Rossiya va O‘zbekiston strategik hamkorlardir, bu esa siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalar va gumanitar sohadagi hamkorliklarni faol rivojlantirishimizga undaydi. Bunday tadbirlar bir-birimizni yaxshiroq tushunishimizga va yaqinlashishimizga yordam beradi”, — dedi Rossotrudnichestvo rahbari o‘rinbosari Pavel Shevsov.

Ko‘rgazma-yarmarkada Rossiyaning 22 ta shahridan — Barnaul va Velikiy Novgoroddan tortib Moskva va Sankt-Peterburggacha bo‘lgan 40 ta ta’lim muassasasi o‘z stendlarini taqdim etdi. Ishtirokchilar safida to‘qqizta milliy va ikkita federal tadqiqot universiteti mavjud. Shuningdek, yarmarkaga birinchi marta uchta oliy o‘quv yurti — akademik M.D. Millionshchikov nomidagi Grozniy davlat neft texnika universiteti, Krasnoyarsk davlat agrar universiteti hamda Perm milliy tadqiqot politexnika universiteti tashrif buyurdi.
Anzor Uspanov, Grozniy davlat neft-texnika universitetining xorijiy talabalarni jalb etish va ularga hamrohlik qilish bo‘limi boshlig‘i universitetning O‘zbekiston bilan ko‘p yillik va mustahkam aloqalari borligini ta’kidladi.

"Ulug‘ Vatan urushi paytida Grozniy davlat neft texnika universiteti O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan va bir yil davomida shu yerda faoliyat yuritgan. Bundan tashqari, universitetimizda xorijiy talabalarning eng ko‘p qismi aynan O‘zbekistondan," — dedi u.
Ko‘rgazmaga kelgan yoshlar orasida o‘zining ta’lim yo‘nalishini aniq belgilab olgan va Rossiya hukumati kvotalari asosida oliy o‘quv yurtiga kirishni rejalashtirganlar.
“Yarmarkaga meni qiziqtirgan oliy ta’lim yurtini tanlash uchun keldim, chunki kvotada biz aynan oltita oliy o‘quv yurtini ko‘rsatishimiz kerak “, — dedi Toshkentdagi 210-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Yegor Shibayev.
Ko‘rgazma-yarmarka doirasida xorijiy talabalar bilan ishlaydigan GENERAL LESSON va Farid Ziyo rekruting agentliklari ishtirokida "Yangi formatdagi ota-onalar yig‘ilishi" o‘tkazildi.

Bundan tashqari, Ziyo Forum maydonida Rossiya oliy ta’lim yurtlari va O‘zbekiston milliy universiteti vakillari tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. O‘quvchilar kimoviy tajribalarda qatnashdilar, transportda uchuvchisiz apparatlar va sun’iy intellektni o‘rganishdi, startaplarni ishga tushirishdi hamda "Ilmiy kazino"da o‘ynashdi.
“Bugun biz o‘quvchilarga uchuvchisiz transport vositalari nima ekanligi, ular qanday ishlashi va bizning kichik o‘lchamli g‘ildirakli avtonom robot ishlanmamiz yordamida ular uchuvchisiz apparatlarni yaratishni qanday o‘rganishlari mumkinligi haqida mahorat darslarini o‘tkazdik. Bugun o‘quvchilar bilan tanishdik, suhbatlashdik. Ular savollarga to‘g‘ri javob bergani va to‘g‘ri yo‘nalishda fikr yuritayotgani juda ajoyib”, — dedi Buyuk Potr nomidagi Sankt-Peterburg politexnika universitetining katta o‘qituvchisi Georgiy Vasilyanov.
Ko‘rgazma-yarmarka maktab o‘quvchilari va abituriyentlar uchun bayramga aylandi, Rossiya ilm-fanining ommalashtirishga hamda yoshlarda ilmiy dunyoqarashni shakllantirishga o‘z hissasini qo‘shdi.
Matbuot markazi
SPbPUda o‘zbekistonlik abituriyentlar uchun qanday muhandislik ta’limi bor – video