Poytaxtni Toshkent viloyati bilan bog‘lovchi chorraha vaqtincha yopildi - aylanma yo‘llar manzili

Toshkent aylanma yo‘li va Toshkent–Nurafshon yo‘llari chorrahasida qurilish ishlari sabab harakat vaqtincha cheklandi. Haydovchilarga aylanma yo‘llardan foydalanish tavsiya etildi.
Sputnik
TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Toshkent shahrini Toshkent viloyatining bir necha tumanlari bilan bog‘lovchi D-021 Toshkent aylanma yo‘li va D-002 Toshkent – Nurafshon avtomobil yo‘llarining kesishgan chorrahasida yangi yo‘l inshootlari qurilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu sababli ushbu chorrahada transport vositalarining harakati vaqtincha to‘xtatildi. Haydovchilardan mazkur vaziyatni inobatga olib, ushbu yo‘lga yondosh bo‘lgan avtomobil yo‘llaridan foydalanishlari so‘ralmoqda.
Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga borishda quyidagi yo‘nalishlar orqali harakatlanish mumkin:
Bekobod va Bo‘ka tumanlaridan kelayotgan haydovchilar — D-020 “Qorasuv – Bo‘ka – Bekobod” avtomobil yo‘lida joylashgan “Bo‘ka” ko‘prigidan o‘nga burilib, A-373 "Toshkent – O‘sh" avtomobil yo‘li orqali.
Piskent, O‘rtachirchiq tumanlari va Nurafshon shahridan kelayotganlar — D-002 “Toshkent – Nurafshon” avtomobil yo‘lining 26-kilometri (“Tekstil” chorrahasi)dan o‘nga, shuningdek 23-kilometrida joylashgan Gulandon savdo majmuasi oldidan o‘nga burilib, D-014 “G‘azalkent – O‘rtasaroy – Nurafshon” yo‘li orqali;
O‘rtachirchiq tumani Avangard aholi yashash joyidan kelayotganlar — D-014 “G‘azalkent – O‘rtasaroy – Nurafshon” yo‘lining 9-kilometridan o‘nga burilib, mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan 10V 111B A-373 yo‘li orqali “O‘rtasaroy qishlog‘i” avtomobil yo‘li orqali.
OIIB Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yo‘llar ta’miriga 173,48 mln dollarlik kredit ma’qulladi