TOShKENT, 22 sen – Sputnik. O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkaziladi. 19-sentabr kuni prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi.
Ro‘yxatga olish tadbiri “mahalla yettiligi” tizimi xodimlarini 2025-yil 15-dekabrdan 2026-yil 1-martgacha bo‘lgan davrda jalb etish orqali o‘tkaziladi.
Bunda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Milliy statistika qo‘mitasi hamda mas’ul idoralar bilan birgalikda “mahalla yettiligi” tizimi xodimlarini planshetlardan foydalangan holda ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari 2026-yil 15-yanvardan 31-yanvargacha o‘z tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning census.stat.uz portalida ro‘yxatdan o‘tishini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, tuman (shahar)larda ro‘yxatga olish shtablari tashkil etiladi va ularning faoliyati nazorat qilinadi.
O‘zbekistonda umummilliy ro‘yxatga olish oxirgi marta 1989-yilda o‘tkazilgan. So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida” qonun qabul qilinib, aholini har 10-yilda, qishloq xo‘jaligini esa har 5-yilda kamida bir marta ro‘yxatdan o‘tkazish belgilangan.
Shu bois 2021-yilda aholini, 2022-yilda esa qishloq xo‘jaligini sinov tariqasida ro‘yxatga olish tadbirlari o‘tkazildi.