Moped va skuterlar uchun davlat raqamini olish muddatini uzaytirish taklif etildi

XDP fikricha, kambag‘allikni qisqartirish va barqaror ish o‘rinlarini yaratish uchun davlat tomonidan ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan ayni davrda moped va skuter haydovchilaridan guvohnoma talab qilish ularni murakkab vaziyatga solib qo‘yadi.
Sputnik
TOShKENT, 21 sen – Sputnik. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP) moped va skuterlarni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibini 2026-yilgacha kechiktirishni taklif qildi.
Amaldagi qoidalarga ko‘ra, 1-oktabrgacha moped egalari “A” toifali haydovchilik guvohnomasi olib, davlat ro‘yxatidan o‘tishi lozim. Hujjatlarni rasmiylashtirishning oxirgi muddati 30 sentabr etib belgilangan.
XDP belgilangan muddat juda qisqa ekanini ta’kidlagan. Partiya ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda kuryerlik xizmatida taxminan 130 ming nafar fuqaro velosiped, moped va skuterlardan foydalanadi. Ulardan ko‘plari hujjatlarni vaqtida rasmiylashtirishga ulgurmasligi mumkin.
Partiya bayonotida keltirilishicha, yangi qoidalar qattiq joriy etilsa, yuz minglab yoshlar daromad manbaidan ayrilishi mumkin. Bu esa davlatning kambag‘allikka qarshi kurash va o‘zini o‘zi band qilishni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlariga zid bo‘ladi.
XDP haydovchilik guvohnomasi va davlat raqamini olish muddati hamda to‘lov miqdorlarini qayta ko‘rib chiqishni, shuningdek, majburiy talabni kelgusi yilga qoldirishni taklif etgan. Bu masala bo‘yicha deputatlik so‘rovi yuborilishi rejalashtirilgan.
YHQni takroriy buzgan haydovchilar uchun jazo kuchaytiriladi – tafsilotlar