TOShKENT, 20 sen — Sputnik. Ehtiyojmand oilalarga qish mavsumida bir martalik ko‘mak beriladi. Bu haqda Ijtimoiy himoya vazirligi xabar qilmoqda.
2025/2026 yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘shimcha moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalar hamda “Mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha shakllantirilgan ro‘yxatdagi ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Bugungi kunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va “Kambag‘al oilalar reyestri”da jami 816 mingta oila mavjud.
Viloyatlar bo‘yicha ehtiyojmand oilalar soni
© Ijtimoiy himoya vazirligi
Hozirda “Mahalla yettiligi” tomonidan ushbu reyestrlardagi oilalarning 40 foizigacha qo‘shimcha ravishda kambag‘allikka tushish xavfi yuqori bo‘lgan oilalar ro‘yxati shakllantirilmoqda.
Joriy yil 19-sentabr holatiga ko‘ra, “Mahalla yettiligi” tomonidan 317 698 ta qo‘shimcha ehtiyojmand oilalar ro‘yxati tuzildi.
Qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirishda birinchi navbatda quyidagi toifadagi oilalar qamrab olinadi:
boquvchisini yo‘qotgan oilalar;
tarkibida I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslar mavjud oilalar;
nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlayotgan oilalar;
gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan va markazlashtirilgan isitish tizimi yo‘q ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar;
bir xonadonda 3 va undan ortiq oila birga yashovchi xonadonlar;
uzoq muddatli davolanishni talab etuvchi og‘ir kasallikka chalingan shaxslar bor oilalar;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslar, shu jumladan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar.
Ijtimoiy himoya vazirligi ushbu toifalarga mos keladigan ehtiyojmand oilalarni joriy yilning 25-sentabr kuniga qadar “Mahalla yettiligi”ga murojaat qilishni so‘ramoqda.