O‘zbekiston va YeOII

YeOIIda mehnat migrantlari uchun ijtimoiy sharoitlar yaratilmoqda

Ularning tibbiy sug‘urtalarga ega bo‘lishi hamda ishlayotgan davlatlaridagi mehnat davrlari uchun nafaqa olishlari mumkin bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 19 sen – Sputnik. Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) davlatlari mehnat migrantlari uchun ijtimoiy kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan yangi choralarni tasdiqladi. Bu haqda Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) matbuot xizmati xabar berdi.
Chora-tadbirlar YeOII mamlakatlarining ishchi kuchini ijtimoiy ta’minlash, pensiya huquqlarini himoya qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish va kasbiy faoliyat masalalari bo‘yicha Maslahat qo‘mitasining VIII yig‘ilishida muhokamadan o‘tkazilgani aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, ittifoq doirasida fuqarolarning mehnat bozoriga erkin kirish huquqi, diplom va malakalarning o‘zaro tan olinishi kafolatlanmoqda. Mehnat migrantlari uchun tibbiy sug‘urta, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ruq davridagi nafaqalar, shuningdek, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklariga qarshi sug‘urta tizimlari joriy etiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda YeOII hududida 100 milliondan ortiq ishchi faoliyat yuritmoqda. Endilikda ularning barchasi mezbon davlat fuqarolari bilan teng huquqda tibbiy sug‘urtadan foydalanish imkoniyatiga ega.

“Shuningdek, 2021-yilda imzolangan pensiya ta’minoti bo‘yicha kelishuv asosida mehnat migrantlari ishlagan davlatlarida to‘langan nafaqa badallari hisobga olinadi. Shu tariqa ular qaysi mamlakatda istiqomat qilishidan qat’i nazar, to‘liq pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi”, – deyiladi xabarda.

Yig‘ilish natijalari ishtirokchi mamlakatlarning YeOII doirasida ijtimoiy sohada yanada integratsiyalashuv va mehnat safarbarligi uchun qulay sharoitlar yaratishga umumiy tayyorligini ko‘rsatmoqda.
Rossiyada mehnat migrantlari uchun patent tizimi bekor qilinishi mumkin