TOShKENT, 18 sen – Sputnik. Toshkentda XX Xalqaro islomiy moliya olimlari forumi (IISF 2025) boshlandi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Bu yilgi anjuman “Islomiy bank tizimini joriy etish: Barqaror moliyaviy tizim sari yuksalish” mavzusida o‘tmoqda. Forumda O‘zbekiston va xorijdan yetakchi tijorat banklari, xalqaro moliya tashkilotlari, islom iqtisodi va moliyasi sohasidagi nufuzli olimlar, ekspertlar va regulyatorlar ishtirok etmoqda.
Anjumanning birinchi ish kunida shartnomalar tasnifi, ularning zamonaviy amaliyotda qo‘llanilishi hamda shaffof va yagona mezonlar asosida tuzilishiga alohida e’tibor qaratish borasida muhokamalar olib borildi.
Xalqaro ekspertlar ushbu jarayonlar mijozlar ishonchi va islom moliyasi taraqqiyoti uchun muhim omil ekanini ta’kidladilar.
Alohida qayd etish kerakki, forum doirasida Markaziy bankda INCEIF bilan birgalikda o‘quv dasturlari, trening va seminarlar tashkil qilish, islomiy moliya sohasida qo‘shma tadqiqotlar olib borish yo‘nalishlarida o‘zaro hamkorlik qilishga qaratilgan anglashuv memorandumi ham imzolandi. Ushbu memorandumga asosan INCEIF bilan islom moliyasi sohasidagi 4 ta kitobni o‘zbek tiliga tarjima qilib, foydalanuvchilarga taqdim qilishga kelishib olindi.
Forumda islom moliyasi bo‘yicha yangi yo‘nalishlar va dolzarb mavzulardagi muhokamalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, NCEIF - Malayziyadagi islom moliyasi ta’limi va tadqiqotlariga ixtisoslashgan universitetning qisqartmasi. Islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ta’lim markazi.