TOShKENT, 18 sen – Sputnik. So‘nggi ikki yilda O‘zbekiston Afg‘oniston bozoriga bug‘doy uni yetkazib berish bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqib oldi.Bundan tashqari, 2025-yilda O‘zbekiston birinchi marta kungaboqar yog‘i eksporti bo‘yicha Rossiya va Qozog‘istonni ortda qoldirdi.
Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Asia Grains&Oils Conference in Tashkent 2025" xalqaro konferensiyasida mustaqil tahlilchi-ekspert Marina Sidak ma’lum qildi.
Marina Sidak ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonning Afg‘onistonning umumiy un importidagi ulushi 47 foizga yetgan, Qozog‘iston - 44 foiz, Rossiya - 10 foizdan kam. O‘zbekiston - 1,2 million tonna, Qozog‘iston - 1,1 million tonna va Rossiya - 237 ming tonna.
2025 yilning birinchi yarmida tendensiya saqlanib qoldi: O‘zbekiston 691 ming tonna un eksport qilib, yana eng yirik yetkazib beruvchilar ro‘yxatini boshqardi, Qozog‘iston 537 ming tonna, Rossiya esa atigi 14 ming tonna un yetkazib berdi. Har uchala mamlakatning o‘rtacha eksport narxi bir tonna uchun taxminan 300 dollarni tashkil etdi.
2024 yilda Afg‘oniston bozorida kungaboqar yog‘i eksporti bo‘yicha Rossiya yetakchilik qilib, 49,5 ming tonna yetkazib bergan bo‘lsa, O‘zbekiston 26 ming tonna, Qozog‘iston esa 22,5 ming tonna yetkazib bergan edi. Biroq 2025-yilning birinchi yarim yilligida vaziyat o‘zgardi.
Joriy yil yanvar–iyun oylarida Afg‘onistonga O‘zbekiston 17,7 ming tonna, Qozog‘iston 15,8 ming tonna va Rossiya 13 ming tonna mahsulot yetkazdi. O‘zbekiston shu tariqa mintaqa yetakchisi bo‘ldi
Shu bilan birga, uchta yetkazib beruvchining o‘rtacha narxi taxminan bir xil bo‘lib - bir tonna uchun taxminan 600 dollarni, ya’ni 1 kilogramm uchun taxminan 7500 so‘mni tashkil etdi.