O‘zbekiston mahsulotlari Malayziya bozoriga chiqmoqda

Malayziya poytaxtida O‘zbekiston mevalari, quritilgan mahsulotlari va oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarining ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Unda ikki davlat tadbirkorlari hamkorlikni muhokama qildi.
Sputnik
TOShKENT, 17 sen — Sputnik. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamkorligida Kuala-Lumpur shahrida “O‘zbekistonning yangi va quritilgan mevalari, qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari hamda ichimliklar ko‘rgazmasi” tashkil etildi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur tadbirda Malayziyaning yirik chakana va ulgurji savdo tarmoqlari, distribyutor kompaniyalari vakillari hamda O‘zbekistondan tashrif buyurgan tadbirkorlar ishtirok etdi.
O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar tomonidan mevalar, quritilgan mevalar, konservalar, qandolat mahsulotlari va boshqa qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari namoyish qilindi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev hamda O‘simliklar karantini agentligi Markaziy eksport shtabi rahbari o‘rinbosari Sh.Turg‘unboyev nutq so‘zlashdi.
Ular O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti sohasidagi keng imkoniyatlar, mahsulotlarning tabiiyligi hamda xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligi haqida alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Ushbu tadbir O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Malayziya bozoriga olib kirish, mahalliy distribyutorlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston mahsulotlari dunyodagi eng yirik ko‘rgazmalaridan birida namoyish etildi