Prezident Namanganda kunduzgi parvarish markazini borib ko‘rdi

Prezident Namanganda ijtimoiy himoya sohasida joriy qilinayotgan yangi xizmatlar bilan tanishdi.
Sputnik
TOShKENT, 16 sen — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida tadbirkor Sayyora Qosimova tomonidan tashkil etilgan “Firdavs” kunduzgi parvarish markaziga tashrif buyurdi.
Markaz 36 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, maxsus ta’lim va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi. Bu yerda bolalar kun davomida to‘qqiz soatlik individual o‘quv-trening dasturlari bilan qamrab olinadi. Mashg‘ulotlarni malakali nevropatolog, defektolog, surdolog, audiolog, pedagog va psixologlar olib boradi.
Bu xizmatdan foydalanayotgan onalar farzandlariga mehri va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Nogironligi bor bolalarning ota-onalari aytishicha, oldinlari bunday bolalar faqat uyda o‘tirar, jamiyatdan ajralib qolardi. Yangi ijtimoiy himoya tizimi tufayli endi ular ham “yorug‘likka” chiqapti, inklyuziv ta’limga, qiziqarli dars va mashg‘ulotlarga jalb etilib, hayotiy ko‘nikmalarni o‘rganyapti. Bu ana shunday oilalar uchun juda katta madad va taskindir.
Shuningdek, prezident 16 o‘ringa mo‘ljallangan, “Faol hayotga qadam besh xizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi.
Markaz shu yil tadbirkor Xosiyat Ortiqovaning shaxsiy mablag‘i hisobidan tashkil etilgan. Bu yerda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun zamonaviy qulayliklar, tibbiy va reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Bu yerda tibbiy mutaxassislar tomonidan individual dasturlar asosida har kuni 8 soatlik mashg‘ulot o‘tkaziladi. Ular insonlarning sog‘lig‘ini tiklash, funksional imkoniyatlarini oshirish va ijtimoiy hayotga qaytarishga yordam beradi.
Mazkur sohadagi davlat-xususiy sheriklik dasturiga respublika bo‘yicha 600 nafar tadbirkor qo‘shilgan bo‘lib, ularning 46 nafari Namangan viloyatida faoliyat yuritmoqda. “Faol hayotga qadam” dasturi bilan O‘zbekistonda o‘zgalar parvarishiga muhtoj 24 ming fuqaro, kunduzgi parvarish xizmati bilan 3 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan bolalar qamrab olingan, deyiladi xabarda.