Tez orada turistlar Chimonda qishda chang‘i va snoubord, yozda tog‘ sayyohlikdan bahramand bo‘ladi

Toshkent viloyatida qariyb 1 300 gektar maydonda qurilayotgan zamonaviy xalqaro kurort sayyohlar uchun yil davomida xizmat ko‘rsatadi
Sputnik
TOShKENT, 16 sen — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi yangi turizm majmuasi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Fransiyaning “MND” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Chimon” xalqaro umummavsumiy kurorti loyihasi uchun 1 ming 278 gektar maydon ajratilgan.
Loyiha doirasida mehmonxonalar va dengiz sathidan 3 ming 300 metr balandlikkacha osma dor yo‘li quriladi. Bu to‘liq mavsumiy turizmni ta’minlaydi. Qishda chang‘i va snoubord, boshqa oylarda esa tog‘ sayyohligi va ko‘ngilochar hordiq imkoniyatlari paydo bo‘ladi.
Davlat rahbari bu yerdagi mehmonxona, restoran va savdo majmualarini ko‘zdan kechirdi.
Jumladan, 6 qavatli zamonaviy mehmonxona 320 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega. Unda yil davomida o‘rtacha 45 ming turistga xizmat ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. E’tiborlisi, bu yerda “Wyndham” brendi bilan hamkorlikda malakali boshqaruv yo‘lga qo‘yilmoqda. Mehmonxonani noyabrda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Hududdagi yana bir loyiha doirasida 7 va 5 qavatli apart-otellar, 7 qavatli mehmonxona hamda 2 qavatli restoran qurildi. Yil davomida o‘rtacha 54 mingdan ziyod mehmonni qabul qilish mo‘ljallangan. Majmuada 100 dan ortiq kishi ishli bo‘ladi.
Ayni paytda 6 ta shale qurilishi davom etmoqda.
Shu yerda 300 ta avtomobilga mo‘ljallangan turargoh ham bor. Uning birinchi qavatida restoran, bolalar maydonchasi va savdo majmuasi tashkil etilgan. Bu nafaqat qulaylik, balki turistlar uchun qo‘shimcha xizmatlarni yaxlit taqdim etish imkoniyatini ham beradi.
Umummavsumiy kurort loyihasi doirasida avtomobil yo‘lida tunnel ham qurildi.
Ushbu inshoot tarkibiga uzunligi 1 ming 450 metr bo‘lgan asosiy yo‘l qismi, 2 ta ko‘prik va piyodalar yo‘laklari kiradi. U hududdagi tog‘ kurortlariga olib boruvchi asosiy yo‘lni qisqartiradi. Xavfsizlikni oshirib, transportlar harakatini yengillashtiradi. Tunnel orqali soatiga 500 dan ziyod avtomashinalar xavfsiz va qulay harakatlanishi mumkin.
Samarqanddagi Imom Buxoriy ziyoratgohi kengaytirilmoqda