O‘zbekiston maktablarida yagona davlat imtihonlari joriy etiladi

Maktabdagi yakuniy imtihon natijalari bilan bitiruvchilar xohlasa texnikumga, istasa oliygohga kira oladi.
Sputnik
TOShKENT, 15 sen – Sputnik. O‘zbekistonda maktablarning yuqori sinflari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan o‘tkazgan muloqoti davomida ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, hozir maktablarda 6,5 mln o‘quvchi ta’lim olyapti. Bu yil maktablarni 400 mingga yaqin o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, 1-sinflarga 720 ming bola qabul qilindi. So‘nggi sakkiz yilda 500 taga yaqin yangi maktablar qurilib, mavjudlarining kengaygani hisobiga 1 mln o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Xususiy maktablarga sharoit yaratilgani natijasida ota-onalar uchun tanlash imkoniyati paydo bo‘lgani, 200 mingdan ziyod o‘quvchi xususiy maktablarda o‘qiyotgani qayd etildi. Maktab ta’limida bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Yangi o‘quv yilidan boshlab maktab davrida o‘quvchilarning qobiliyatiga qarab, kasb yoki oliy ta’limga yo‘naltirish uchun 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi.
O‘qishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida bo‘lgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib o‘tiladi. Maktabdagi yakuniy imtihon natijalari bilan bitiruvchilar xohlasa texnikumga, istasa oliygohga kira oladi.
Har yili o‘n minglab maktab o‘quvchilari xorijiy til va fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatlar olyapti. Masalan, 2016-yilgacha jami 2 ming nafar maktab o‘quvchisi sertifikat olgan edi. O‘tgan yili xorijiy tillarning o‘zidan 150 ming yoshlar xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Endi bunday sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinadi.
2026 yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi - prezident