TOShKENT, 14 sen – Sputnik. Kuz kelib, havo harorati asta-sekin pasayib bormoqda. Bu faslda ko‘pchilik, ayniqsa, bolalarda immunitet sustlashib, shamollash va mavsumiy virusli kasalliklarga chalinish xavfi ortadi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) bunday vaqtlarda bolalar sog‘lom bo‘lishini ta’minlashda muhim hisoblanuvchi 6 ta tavsiya bilan o‘rtoqlashdi.
Qo‘l gigiyenasi
Bolalar maktab va bog‘cha hamda jamoat transportida odamlar bilan doimiy aloqada bo‘ladi. Bu esa viruslarning oson tarqalishi uchun qulay sharoit yaratadi. Shu sababli:
qo‘llarni ovqatdan oldin va keyin hamda hojatxonadan chiqqach, doimo sovunlab yuvish;
o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI)ga chalingan bemorlar bilan yaqin muloqotni cheklash lozim.
Shamollaganda uyda qolish
Kuzda gripp va O‘RVI kasalliklari havo-tomchi yo‘li orqali tez tarqaladi. Shu bois bolada shamollash belgilari kuzatilsa, uyda qolishi zarur. Chunki bunday holatda maktabga borish, kasallikning boshqalarga ham yuqishiga sabab bo‘ladi.
Kiyim-kechakning havoga mos bo‘lishi
Kuz havosi o‘zgaruvchan. Bir kun issiq, bir kun esa salqin bo‘lishi mumkin. Shuning uchun:
mavsumga mos, ya’ni juda yengil ham, juda qalin ham kiyinmaslik;
nam ust-boshda yurmaslik va ularni tezda almashtirish lozim.
To‘g‘ri ovqatlanish va kuchli immunitet
Har bir bola mustahkam immunitetga ega bo‘lishi uchun uning taomlanishiga alohida e’tibor qaratish kerak. Jumladan:
ratsionda ko‘proq mevalar (olma, xurmo, anor), sabzavotlar (karam, lavlagi, brokkoli, baqlajon, sarimsoqpiyoz), ko‘katlar, sut va baliq mahsulotlari, tovuq go‘shti, tuxum, loviya, no‘xot kabi yeguliklar bo‘lishi;
sovuqqa qarshi damlama (zanjabil, limon, asal bilan) ichish;
turli shirinliklar, gazli va energetik ichimliklar, chips hamda "suxarik"larni iste’mol qilmaslik zarur.
Uyqu va dam olish tartibiga rioya qilish
Maktab yoshidagi bolalar har kuni 8−10 soat tiniqib uxlashi tavsiya etiladi. Chunki bunday hordiq immunitetni mustahkamlab, o‘qishda faol bo‘lishga yordam beradi. Shu bois:
bolalarning erta uyquga yotishi va uxlashdan avval telefon yoki planshet o‘ynamasligini nazorat qilish;
ularni har kuni bir vaqtda uxlab, bir paytda turishga odatlantirish lozim.
Shaxsiy gigiyenaga rioya qilish
Bolalar har kuni:
yuz-qo‘llarini yuvishga odatlanishi;
tishlarni kunda 2 mahal (ertalab va kechqurun) tozalashi;
kiyimlarini tez-tez almashtirishi kerak.
Ta’kidlanishicha, agar bolalar gigiyena va salomatlik qoidalariga qanchalik erta odatlansa, har tomonlama sog‘lom bo‘lib voyaga yetadi.