BMTning 142 a’zosi Falastin davlati tuzishni yoqlab ovoz berdi

Nyu-York deklaratsiyasi — 15 oy ichida suveren Falastin davlatini barpo etishni nazarda tutadi.
Sputnik
TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi juma kuni Falastin mojarosini “ikki xalq uchun ikki davlat yechimi” tamoyili asosida hal qilishni nazarda tutuvchi "Nyu-York deklaratsiyasi"ni ma’qullovchi rezolyutsiya loyihasini qabul qildi. Bu haqida Sinxua agentligi xabar bermoqda.

"Nyu-York deklaratsiyasi" rezolyutsiyasini yoqlab 142 ta davlat ovoz berdi, 10 ta davlat qarshi bo‘ldi va 12 ta davlat betaraf qoldi, deyiladi xabarda.

BMTdagi Falastinning doimiy kuzatuvchisi deklaratsiyani qo‘llab-quvvatlagan davlatlarga minnatdorchilik bildirdi va "haligacha urush va vayronagarchilik tarafida turib olganlarni" aql ovoziga quloq solishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu deklaratsiya butun Yaqin Sharqda integratsiyaga yo‘l ochadi va mintaqaga rivojlanish va hamkorlik uchun o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil iyul oyida Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasida Fransiya va Saudiya Arabistoni tomonidan taqdim etilgan rezolyutsiya loyihasida Isroil-Falastin mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish va “ikki davlat yechimi” tamoyilini amalga oshirishga yo‘naltirilgan qadamlar belgilab berilgan edi. OAVda unga "Nyu-York deklaratsiyasi" deb nom berishgan.
"Nyu-York deklaratsiyasi" — 15 oylik reja doirasida bosqichma-bosqich suveren Falastin davlatini barpo etishni nazarda tutadi. Deklaratsiya shuningdek G‘azoda tinchlik uchun mustahkam asos yaratish, XAMASni qurolsizlantirish, garovga olinganlarni ozod qilish va Falastin ma’muriyatini isloh qilish kabi vazifalarni belgilaydi.
Xalqaro hamjamiyat Falastin davlatini tan olishni kengaytirishda davom etmoqda. 2025-yil sentabr holatiga ko‘ra, BMTga a’zo 193 davlatdan 147 tasi yoki taxminan 76 foizi Falastinni tan olgan.
Mirziyoyev G‘azo sektoridagi muammoning yagona yechimini aytdi