TOShKENT, 10-sen — Sputnik. O‘zbekistonda erkaklar uchun nafaqa yoshini 60 yoshdan 63 yoshga, ayollar uchun esa 55 yoshdan 58 yoshga bosqichma-bosqich ko‘tarish taklif qilinmoqda. Bu haqda Pul va moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Otajonov o‘z intervyusida ma’lum qildi.
Suhbatda qayd etilishicha, O‘zbekistonda pensiya yoshi 32-yil davomida umuman o‘zgarmagan. Bundan tashqari, jamg‘arma direktori 20-yil oldin pensionerlar nafaqaga chiqqanidan so‘ng odatda 8-9 yil hayot bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib erkaklar deyarli 13-yil, ayollar esa 20-yilgacha umr ko‘rayotgani haqida statistik ma’lumot keltirgan.
Ammo qabul qilinishi rejalashtirilgan yangi yosh normalarini ko‘rib chiqishga boshqa sabab ham turtki bo‘lgani aytilmoqda.
“So‘nggi 10-yil ichida Pensiya jamg‘armasi daromadlari 3,4 barobar, xarajatlari esa 5 barobar ko‘paydi. 2020-yildan boshlab pensiya to‘lovlarini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan doimiy ravishda mablag‘ ajratilmoqda. 2022-yilda ajratilgan mablag‘ miqdori 11 trillion so‘mni tashkil etib, bu umumiy xarajatlarning to‘rtdan bir qismiga teng bo‘lib chiqdi. 2023-yil uchun 15 trillion so‘m (29 %) ajratish rejalashtirilgan edi. 2030-yilga kelib, ajratiladigan mablag‘ hajmi 38 trillion so‘mni tashkil etishi kutilmoqda”, – deydi Otajonov.
Ta’kidlanishicha, hozirda qaror rasman qabul qilinmagan. Jamg‘arma jamoatchilik fikrini o‘rganish uchun maxsus platforma ishga tushirish rejasini bildirgan — bunday platforma orqali fuqarolardan takliflar qabul qilinishi aytilmoqda.