TOShKENT, 10 sen — Sputnik. Sankt-Peterburg delegatsiyasining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida gubernator Aleksandr Beglov Yangi Toshkentdagi “Sankt-Peterburg” mavzesi qurilishi uchun ajratilgan maydonni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Sankt-Peterburg ma’muriyati matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Beglov Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yangi Toshkent shahrini qurish direksiyasi direktori Davronjon Adilov bilan uchrashgan.
Xabarda aytilishicha, Sankt-Peterburg hukumati loyihani tayyorlash va amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruh tuzgan. Uning tarkibiga tegishli davlat idoralari rahbarlari, loyiha tashkilotlari, arxitektura burolari va qurilish kompaniyalari kiritilgan. Hozirda guruh kvartal uchun uchta arxitektura yechimi variantini ishlab chiqqan.
Birinchi variant — “Peterburg ostonasi” (Paradniy Peterburg) — Shimoliy poytaxtning eng mashhur diqqatga sazovor joylariga murojaat qiladi. Asosiy element sifatida Bosh shtab binosining “Dvorsovaya” maydonidagi arkaga o‘xshash darvoza o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Uning ortidagi markazda “Malaya Sadovaya” ko‘chasidagi favvoraga o‘xshash shar-favvora joylashadigan dumaloq maydon ko‘zda tutilgan. Shuningdek, shahar atrofidagi me’moriy ansambllarga xos muntazam park-skver, pavilonlar, chiroqlar va dekorativ detallar ham nazarda tutilgan.
Ikkinchi variant — “Peterburg ko‘chalari” — shahar markazining mashhur ko‘chalarini eslatib turadi. Uning asosiy g‘oyasi turli balandlik va uslubdagi turar-joy binolaridan iborat ko‘cha frontini shakllantirishdan iborat.
Ma’lum qilinishicha, ayni ikki konsepsiya joriy yil iyun oyida Toshkentda taqdim etilgan. O‘sha paytda poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov ularda “Peterburg ostonasi” qiyofasi va markaziy qismga xos qurilish uslubini birlashtiradigan yagona konsepsiya ishlab chiqilishi haqidagi istaganini bildirgan.
Natijada uchinchi variant — “Peterburg mavzelari” paydo bo‘lgan. U avvalgi ikki g‘oyaning eng yaxshi tomonlarini o‘zida jamlagan: hududning shimoliy qismi dumaloq maydon va arkalar bilan, janubi-sharqiy qismi esa ikkinchi konsepsiyaga asoslangan holda loyihalashtirilgan.
Xabarda ta’kidlanishicha, uch konsepsiya hamda mo‘’jaz me’moriy shakllar, obodonlashtirish elementlari va tashqi yoritish albomlarini gubernator Yangi Toshkent shahrini qurish direksiyasiga topshirgan.
“Ishonchim komilki, bu kvartal nafaqat zamonaviy turar-joy hududi, balki Peterburg va O‘zbekiston do‘stligining ramziga ham aylanadi. Biz bu ishni birgalikda davom ettirishga tayyormiz”, — deydi Beglov.
Shuningdek, u Peterburgning O‘zbekistonlik hamkorlar bilan obodonlashtirish, qulay shahar muhitini yaratish, uy-joy kommunal xo‘jaligi, energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha eng yaxshi ishlanmalarini baham ko‘rishga tayyorligini qayd etgan. Ma’lum qilinishicha, yaqin istiqbolda ularni hududning keyingi rivojlanish jarayonida qo‘llash mumkin bo‘ladi.