TOShKENT, 10 sen – Sputnik. Rossiyada bo‘lish uchun qonuniy asoslarni yo‘qotgan xorijliklar uchun berilgan muddat 10-sentabr kuni tugamoqda. 11-sentabrdan ularni mamlakatdan chiqarib yuborish boshlanadi, deya ma’lum qildi Rossiya IIV matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, vazirlik tomonidan Rossiya prezidenti farmonini amalga oshirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasi to‘liq bajarildi.
Migratsiya bo‘limlarida chet ellik fuqarolarni qabul qilish uchun qo‘shimcha xizmat oynalari ochildi, aholi bilan ishlash jadvallari qayta ko‘rib chiqildi, shuningdek, tegishli hududlardagi konsulxonalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalari vakillari bilan muntazam ravishda uchrashuvlar va videokonferensiyalar o‘tkazildi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning farmoni bilan noqonuniy bo‘lib turgan migrantlarga o‘z maqomini qonuniylashtirib olish uchun berilgan imkoniyat 10-sentabrgacha uzaytirilgandi. Xorijliklar yashab turgan manzilidagi IIV Pasport-viza xizmati markazlariga yoki IIV migratsiya masalalari bo‘limlariga, Moskvada esa Saxarovodagi ko‘p tarmoqli migratsiya markazlariga murojaat qilishi kerak.
O‘z maqomini qonuniylashtirmagan xorijliklarga nisbatan 11-sentabrdan mamlakatdan chiqarib yuborish chorasi qo‘llaniladi. Ular nazorat qilinuvchilar reyestriga tushib, qator cheklovlarga duch kelishadi. Xususan, bank kartalari blok bo‘ladi, nikoh rasmiylashtira olishmaydi, bolalarini ta’lim muassasalariga joylashtira olishmaydi.
Eslatamiz, 1-sentabrdan Moskva shahri va Moskva viloyatida Rossiyaga vizasiz kelayotgan xorijliklar uchun migratsiya ro‘yxatidan o‘tishning yangi tizimi sinov tariqasida boshlandi. Endi Moskva hududiga ishlashga kelgan xorijliklar “Amina” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tib, onlayn migratsiya ro‘yxatidan o‘tishlari mumkin. Ilova orqali ularning geolokatsiyasi uzatib turiladi. Agar ilovada geolokatsiya ma’lumoti uch kun bo‘lmasa, xorijlik nazorat qilinuvchilar reyestriga kiritilishi mumkin.