TOShKENT, 10 sen – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston – Rossiya o‘zaro manfaatli hamkorligini yanada kengaytirish, eng avvalo, Sankt-Peterburg shahri bilan iqtisodiy kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi – o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra hududlar darajasidagi eksport-import hajmi 20 foizga oshdi. Poytaxtda Ishbilarmonlik markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Yangi Toshkent hududida “Peterburg”mavzesini barpo etish loyihasini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Rossiya delegatsiyasining bu galgi tashrifi chog‘ida metallurgiya, uskunasozlik, yo‘l qurilishi, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, logistika hamda boshqa sohalarda 23 ta kooperatsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilindi.
Tomonlar xususiy tibbiyot, ta’lim, kommunal xo‘jalik, raqamli texnologiyalar, migratsiya va turizm sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflarniqo‘llab-quvvatlashdi.
Faol gumanitar aloqalarni davom ettirish va qo‘shma madaniy tadbirlarni muntazam tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Joriy yil oktabr oyida ikki mamlakat hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishini samarali o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rishga kelishib olindi.