TOShKENT, 9 sen – Sputnik. Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda mehmonni poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov kutib oldi.
Delegatsiyaning tashrifi 8-sentabrdan 11-sentabrgacha davom etadi va uchrashuvlarga boy dastur, tarixiy hamda madaniy obyektlarni ziyorat qilish, shuningdek, Toshkent bilan Sankt-Peterburg o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Ta’kidlash joizki, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri bilan hamkorlik kuchaytirilmoqda. May oyida Toshkent-Sankt-Peterburg reyslari ko‘paytirildi. Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida O‘zbekiston bilan biznes muloqot o‘tkazildi. Samarqandlik veterinariya talabalarining Sankt-Peterburgda amaliyot o‘tashiga kelishib olingan.
Sankt-Peterburgdagi O‘zbekiston madaniy merosi durdonalari Toshkentda namoyish etildi.
Shahar bilan migratsiya sohasida ham hamkorlik qilinmoqda. O‘zbekiston tomoni Sankt-Peterburgda mehnat migrantlari uchun patent olish bo‘yicha ayrim turdagi xizmatlarni mamlakatga o‘tkazishni taklif etgan.
Qayd etish joizki, Sankt-Peterburg o‘zbekistonlik mehnat migrantlari uchun eng ommaviy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli Abdurahmon Mahmudovning ma’lum qilishicha, 2024-yil boshida ushbu shaharda 150 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar rasmiy mehnat faoliyati bilan shug‘ullangan.