TOShKENT, 9 sen — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisida “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilinmoqda. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qildi.
Axborotga ko‘ra, hujjatda shaharsozlik renovatsiyasining asoslari va maqsadlari, majburiy shartlari, asosiy prinsiplari hamda bosqichlari belgilab berilgan. Shuningdek, bu borada loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi, davlat boshqaruvi asoslari ham aniq ko‘rsatib o‘tilgan.
"Muhim jihatlardan biri shuki, shaharsozlik renovatsiyasi loyihasini boshlash uchun barcha huquq egalari bilan notarial tartibda kelishuv imzolanishi nazarda tutilmoqda", - deyiladi xabarda.
Demak, renovatsiyada qatnashish ixtiyoriy bo‘ladi va hech kim majburan bu jarayonga jalb etilmaydi.
Qonun loyihasi qabul qilinsa, aholining roziligi va manfaatlari inobatga olingan holda eski uy-joylarni qayta qurish, yangi binolar barpo etish jarayonlari aniq qonuniy asosda amalga oshirilishi mumkin.