Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari ishdan olindi

Ular ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetmagani uchun ishdan olindi.
Sputnik
TOShKENT, 9 sen – Sputnik. O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari ishdan olindi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha va maktab ta’limi sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, maktabgacha va maktab ta’limida o‘zgarishlar bo‘lyapti, dasturlar ishlayapti, natijalar bor, biroq kasb-hunar va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar haligacha ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetgani yo‘q.
“Shu bois oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari – birinchi o‘rinbosar Shoxruh Daliyev, o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov ishdan olingani e’lon qilindi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, prezident farmoni va qarori bilan Prezident administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adxam Xudaykulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabbayev lavozimidan ozod etildi.
Endilikda maktabgacha va maktab ta’limi hamda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirlari, ularning o‘rinbosarlari, hokimlar preventiv va proaktiv ishlashga o‘tib, ta’limning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yangi stipendiya, milliy g‘oya, tanlov: ta’lim tizimi qanday rivojlantiriladi