TOShKENT, 9 sen — Sputnik. Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu G‘azo shahri yaqinda boshlangan harbiy harakat munosabati bilan aholini hoziroq o‘z yerlarini tark etishga chaqirdi, deya xabar qilmoqda "Al Jazeera"
Ma’lum bo‘lishicha, ayni shu paytning o‘zida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Volker Turk Isroilning ushbu harbiy operatsiyalarini “surunkali ustma-ust urush jinoyati”, deb baholadi.
Xabarga ko‘ra, Turk Isroil hududida yuzaga kelgan ommaviy vayronagarchilik va yordamni to‘sib qo‘yishni qoralab, bu amallar xalqaro sud oldida “jinoiy javobgarlik”ga sabab bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidlagan.
Ayni paytda, Falastin fuqarolar muhofazasi qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni Isroil bombardimonlari oqibatida dastlabki hisob bo‘yicha 52 nafar falastinlik halok bo‘lgan, ularning 32 nafari G‘azo shahri doimiy yashovchilari bo‘lishgan. Bundan tashqari, ochlik va oziq-ovqat yetishmovchiligi sabab yana bir necha kishi jon bergan, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Bu voqealar fonida xalqaro hamjamiyat vaziyatning tobora og‘irlashayotganini ta’kidlab, G‘azodagi tinch aholini himoya qilish va unga yordam yetkazib berishni ta’minlash zarurligini bildirmoqda.