Davlat xizmatlaridagi burokratik talablar qisqartiriladi

My.gov portali hamda Davlat xizmatlari markazi 2028-yilga qadar 900 tga yaqin masalalar yuzasidan fuqarolarga xizmat ko‘rsatadi.
Sputnik
TOShKENT, 9 sen — Sputnik. O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishda talab qilinadigan hujjatlar soni qisqartiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tegishli farmonni imzoladi, deya xabar berdi Adliya vazirligi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-dekabrdan boshlab idoralar o‘rtasida elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi natijasida quyidagi talablar bekor qilinadi:
nikohni rasmiylashtirishda FHDYo organlari tomonidan nikohlanuvchilardan tibbiy ko‘rik natijalarini taqdim etish talabi;
nikoh sud qarori asosida bekor qilinganda, ajrim haqidagi dalolatnoma yozuvini shakllantirish uchun FHDYo organlari sud qarorini so‘rashi talabi;
avtomototransport vositasi ro‘yxatga olinganlik guvohnomasida uning egasining manzilini ko‘rsatish talabi.
Hujjatda quyidagi vazifalar belgilangan:
2028 yilga qadar my.gov.uz portali va Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini 900 taga yetkazish;
proaktiv davlat xizmatlari sonini 53 taga, kompozit xizmatlar sonini 74 taga yetkazish.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur farmondan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha hujjatlar va tartiblarni qisqartirish, qulayliklarni oshirish maqsadi ko‘zlangan.
Onlayn ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni oshadi