TOShKENT, 9 sen – Sputnik. 8 sentabr kuni Samen shahrida bo‘lib o‘tayotgan 25-Xitoy xalqaro investitsiya va savdo yarmarkasi (CIFIT) doirasida “Invest in Uzbekistan” brendi ostida O‘zbekiston pavilonining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
1997 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinayotgan CIFIT — Xitoyning eng yirik investitsiya va savdo ko‘rgazmasi hisoblanadi. Joriy yilda unda o‘nlab davlatlarning vakillari hamda iqtisodiyotning turli sohalarini qamrab olgan 500 tadan ortiq yetakchi Xitoy kompaniyalari ishtirok etmoqda.
To‘rt kun davomida O‘zbekiston paviloni mehmonlarga mamlakatning qishloq xo‘jaligi, geologiya, turizm, kimyo va to‘qimachilik sanoati, shuningdek, charm hamda ipakchilik sohalaridagi investitsiya imkoniyatlarini taqdim etadi.
Dastur doirasida taqdimotlar, mahsulot namoyishlari, seminarlar hamda o‘zbek va xitoy tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.