Mo‘g‘ulistonda uran qazib olish bo‘yicha O‘zbekiston bilan qo‘shma loyiha yo‘lga qo‘yilmoqda

Hamkorlik tadqiqot va kuzatuvlarning amaliy yechimlarini o‘zaro almashishni ham nazarda tutadi.
Sputnik
TOShKENT, 8 sen — Sputnik. Geologiya sohasida islohotlarni davom ettirayotgan O‘zbekiston Mo‘g‘uliston bilan yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokalarni boshladi, deya xabar bermoqda UzA.
Takidlanishicha, “Uzbek Overseas Geology Company” bosh direktori Hayitboy Omonov va “Navoiyuran” DK tarkibidagi “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy markazi asoschisi Husniddin Olovov Mo‘g‘ulistonda joylashgan “MonAtom” kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Hayitboy Omonovning qayd etishicha, O‘zbekiston geologiya sohasida islohotlarni izchil amalga oshirmoqda.

“Uran va noyob metallarni qazib olish hamkorligi ikki tomon uchun ham iqtisodiy foyda keltiradi. Biz uchun eng muhim yo‘nalish — bu zamonaviy texnologiyalar asosida geologik izlanishlarni olib borish, qazilma boyliklarni samarali va ekologik jihatdan xavfsiz o‘zlashtirish uchun zamin yaratadi. Mo‘g‘ulistondagi loyihada ishtirok etish, tajriba almashish va ilmiy hamkorlikda o‘z salohiyatimizni oshirish imkonini beradi. Bu sheriklik mintaqaviy iqtisodiy taraqqiyotga ham jiddiy hissa qo‘shadi”, - dedi u.

Yakuniy kelishuvlarda ishtirokchilar geologik ma’lumotlar va hisobotlar almashinuvi, ularni chuqur o‘rganish va tegishli xulosalarni chiqarish bo‘yicha bosqichma-bosqich reja tuzgani ham qayd etilmoqda.
Joriy yilning avgust oyida tomonlar Mo‘g‘ulistonning janubidagi Dorngov viloyatiga tashrif buyurishgan edi. U yerda istiqbolli "Nars" uran konida so‘nggi yillarda olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijalari bilan tanishishgan. Shuningdek, uchastkaning geologik tuzilishi o‘rganilib, geologik baholash ishlarini boshlash uchun zarur infratuzilma obyektlarining joriy holati baholangan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil iyun oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mo‘g‘ulistondagi tashrifi davomida ikki mamlakatda xomashyo resurslari konlarini birgalikda o‘zlashtirishni taklif etgan edi. Bu geologiya-qidiruv dasturini amalga oshirish, texnologiyalar transferi, tajriba almashish va kadrlar tayyorlash orqali amalga oshirilishi mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun: "Uzbek Overseas Geology Company" MChJ O‘zbekiston hukumati tomonidan 2025-yilda xorijdagi konlarni geologik o‘rganish va o‘zlashtirish maqsadida tashkil etilgan. Hozirda kompaniya Mo‘g‘uliston va Afg‘onistonda loyihalarni amalga oshirmoqda. Ulan-Batorda esa uning vakolatxonasi ham ochildi.
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qanday hujjatlar imzolandi — foto