TOShKENT, 8 sen – Sputnik. Yaponiyaning "Onodera User Run" kompaniyasi Toshkent shahrida kasb-hunarga o‘qitish markazini ochadi. O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov kompaniya rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
"Onodera User Run" kompaniyasi O‘zbekistonda yoshlarga yapon tili va tegishli kasblarni o‘rgatishga qaratilgan loyihani amalga oshirmoqda. Xususan, mazkur kompaniya tomonidan Toshkent shahrida o‘quv markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yilmoqda.
"Xorijdagi yoshlarning kelajagini ochish uchun bir necha davlatlarda yapon tilidan dars berapmiz. Shuningdek, ularga Yaponiyadagi tibbiyot va ijtimoiy ta’minot muassasalarida ish topishda yordam beramiz", - deyilgan kompaniya saytida.
Ma’lumot uchun: "Onodera User Run" - yoshlarning ta’lim olishi va ishga joylashishiga qadar bo‘lgan barcha jarayonda ularni bepul va har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan global HR (kadrlar) kompaniyasi.