Senat Samarqand viloyati shahar va tumanlari chegaralarini o‘zgartirishni ma’qulladi

Ta’kidlanishicha, chegara o‘zgarishi Kattaqo‘rg‘on aholisi uchun qulay sharoitlar yaratishga, jumladan, yangi infratuzilma obyektlari hamda ko‘p qavatli turar joy komplekslari barpo etish imkonini beradi.
Sputnik
TOShKENT, 5 sen – Sputnik. Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralari o‘zgaradi. Tegishli qonun Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisida ma’qullandi.
Majlisda qayd etilishicha, hozirda Kattaqo‘rg‘on shahri yer maydoni 4362 gektarni tashkil qiladi. Aholi zichligi bir kvadrat kilometriga 9460 kishiga to‘g‘ri kelib, Samarqand viloyatida eng zich joylashgan hudud hisoblanadi. Shu bois Kattaqo‘rg‘on tumanidan shaharga 1945 gektar, Nurobod tumanidan esa 971 gektar yer maydoni, jami 2916 gektar o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, Nurobod tumanidan Kattaqo‘rg‘on tumaniga yana 600 gektar yer maydoni o‘tkaziladi.
Shuningdek, shaharda 50 gektar maydonda Urgut erkin sanoat zonasi filiali hamda 30 gektarda 3 ta kichik sanoat zonasi ochilishi rejalashtirilgani aytildi.
Samarqand viloyatidagi shahar va tumanlar chegaralari o‘zgaradi