Senat mahkumlar jazo muddatini kitob o‘qish orqali qisqartirishga doir qonunni ma’qulladi

Yangi qonunga ko‘ra, mahkumlar tasdiqlagan ro‘yxatdagi kitoblarni o‘qish orqali jazo muddatini bir yilda 30 kungacha, ya’ni 8,2 foizga qisqartirishi mumkin
Sputnik
TOShKENT, 4 sen – Sputnik. O‘zbekistonda mahkumlar endi o‘qigan har bir kitobi uchun jazo muddatini uch kunga qisqartirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tegishli qonun Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisida ma’qullandi.
Yangi tartibga ko‘ra, mahkum kitob o‘qib bo‘lgach, uni o‘zlashtirganini tasdiqlash uchun maxsus imtihon topshiradi. Faqat imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgandan keyingina, o‘sha kitob uchun belgilangan 3 kunlik muddat qisqartiriladi.
Biroq bu imtiyoz umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan shaxslarga taalluqli emas va sud hukmiga ko‘ra jazo muddatini to‘liq o‘tashi kerak bo‘lgan mahkumlargina undan foydalanishi mumkin.
Mahkumlarga imtiyoz faqat Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tasdiqlangan maxsus ro‘yxatdan o‘rin olgan kitoblarni o‘qigan taqdirda beriladi.

Jinoyat kodeksi tegishli modda bilan to‘ldiriladi. Unda mahkumning shaxs sifatida tuzalish yo‘liga o‘tganini hisobga olib, uning jazo muddati qisqartirilishi mumkinligi nazarda tutiladi. Biroq bu imtiyoz yil davomida eng ko‘pi bilan 30 kungacha beriladi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda jazoni ijro etish muassasalarida 43 mingdan ortiq mahkum saqlanmoqda. Ulardan 13,5 ming nafari jazo muddatini to‘liq o‘tashi lozim bo‘lgan shaxslar bo‘lib, imtiyoz faqat shu toifaga taalluqli.
Mahkumlar uchun imkoniyat: kitob o‘qiganlarning jazo muddati qisqartirilishi mumkin