Arabistonning yetakchi kompaniyalari bilan yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqishga kelishildi

Alohida e’tibor ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda innovatsion yechimlarni joriy etishga qaratildi
Sputnik
TOShKENT, 4 sen – Sputnik. O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Delegatsiyaga “Acwa Power” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Muhammad Abunayan boshchilik qildi. Muloqotda "InterHealth", "Vision Invest", "Miahona", "Riyadh Cables", "Saudi Tabreed", "Al Bawani", "Al Kathiri Holding", "Abunayyan Holding", "Kdot Partners" va boshqa yirik korporatsiyalar rahbarlari ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, transport, energetika, suv ta’minoti, sanoat kooperatsiyasi va raqamli iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikning strategik ahamiyatini ta’kidladi va yangi istiqbolli loyihalarni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun: "ACWA Power" Saudiya Arabistonining eng yirik energetika kompaniyalaridan biri bo‘lib, qayta tiklanadigan energiya, suv ta’minoti va elektr energiyasini saqlash sohasidagi loyihalarga ixtisoslashgan. Ushbu kompaniya O‘zbekistonda energetika sohasidagi eng yirik xorijiy investorlardan biri hisoblanadi.
Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari Sirdaryodagi texnikumga sarmoya kiritdi