TOShKENT, 4 sen – Sputnik. Turkiston viloyatidagi tog‘larda 1996-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, deb xabar qildi Qozog‘iston FVV matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, FVVga 31-avgust kuni Chimkentdan Turkiston viloyati tog‘lariga chiqqan 1996 va 1997-yilda tug‘ilgan ikki kishining bedarak yo‘qolgani haqida qarindoshidan xabar kelib tushgan.
Qidiruv ishlari Sayramsuv cho‘qqisi hududida, dengiz sathidan 2200 metr balandlikda joylashgan "Sayram-Ugam" milliy tabiat bog‘ida olib borilgan. Murakkab qoyali relyef tufayli vertolot voqea joyiga yaqinlasha olmagan va qutqaruvchilar piyoda yurishga majbur bo‘lishgan.
Qutqaruvga Qozog‘iston alpinizm federatsiyasining besh nafar professional alpinisti jalb etilgan. Ular maxsus uskunalar yordamida qoyalarga chiqib, tirik qolgan bir sayyohni va o‘zbekistonlik yigitning jasadini topishgan.
Operatsiyada FVVning 18 nafar shaxsiy tarkibi va 5 ta texnika birligi, shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi va politsiya bo‘linmalari, Qozog‘iston alpinizm federatsiyasi a’zolari, FVV dronlari va vertolot ishtirok etdi.