Toshkentda "Open budjet" g‘oliblarining 96 foizi davlat tashkilotlari bo‘ldi

Taqqoslash uchun, Qashqadaryoda g‘olib loyihalarning atigi 8 foizigina davlat muassasalariga tegishli, qolgan 92 foizi esa mahalla yo‘llarini ta’mirlash kabi aholi tashabbuslariga to‘g‘ri keldi.
Sputnik
TOShKENT, 2 sen – Sputnik. Kecha “Tashabbusli budjet” jarayonining 2025-yilgi ikkinchi mavsumi g‘olib loyihalari e’lon qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, Toshkent shahridagi jami 190 ta g‘olib loyihadan 182 tasi (qariyib 96 foizi) davlat tashkilotlariga tegishli bo‘ldi. Jumladan:
28 ta – maktabgacha ta’lim muassasalari;
84 ta – umumta’lim maktablari;
4 ta – musiqa va maktabdan tashqari tashkilotlar;
6 ta – boshqa ta’lim muassasalari;
9 ta – sport muassasalari;
2 ta – mahalla binolari;
1 ta – oliy ta’lim muassasasi;
48 ta – sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini yangilashga qaratilgan loyihalar.
Davlat muassasalari bilan bog‘liq bo‘lmagan g‘olib loyihalar soni atigi 8 ta bo‘lib, ularning 3 tasi bolalar maydonchasi barpo etish, 5 tasi esa ichki yo‘llarni ta’mirlash bilan bog‘liq.
G‘oliblar orasida o‘tgan mavsumda ham g‘olib bo‘lib, budjetdan mablag‘ ajratilgan davlat muassasalarini ta’mirlashga oid loyihalar ham uchraydi. Masalan, Akademik X. To‘raqulov nomidagi Endokrinologiya markazi va boshqa qator muassasalar. Shu bilan birga, mahallalar uchun “tanaffus” qoidasi amal qiladi: ular bir mavsum g‘olib chiqqanidan so‘ng, keyingi mavsumda ishtirok eta olmaydi.
“Tashabbusli budjet”ning 2025-yil 2-mavsum g‘oliblari aniqlandi