TOShKENT, 2 sen – Sputnik. Namangan shahri hokimi 60 ming dollar pora olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Namangan hokimi va poyabzal ishlab chiqaruvchi MChJ rahbari o‘zaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan, ma’nan eskirgan turar-joy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming dollar talab qilishadi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab MChJ rahbari ushbu so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi o‘zining yana bir ishonchli odami bo‘lgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MChJ rahbaridan 60 ming dollarni olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Hozir hokim deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan.
Unga va devonxona mudiriga nisbatan JKning 210-moddasi 3-qismi "a" bandi (pora olish) bilan, MChJ rahbariga nisbatan esa JKning 168-moddasi 4-qismi "a" bandi (firibgarlik) va 211-moddasi 3-qismi "a" bandi (pora berish) bilan jinoiy ish ochilgan.
Shahar hokimiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, Anvar Otaxo‘jayev 2023-yildan buyon Namangan shahar hokimi vazifasida ishlab kelayotgan edi. Ungacha, 2019–2023 yillarda Chortoq tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan.