TOShKENT, 30 avg — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.
Mirziyoyev Belarus yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, do‘st Belarus xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Lukashenko, o‘z navbatida, O‘zbekiston yetakchisi va ko‘p millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan samimiy qutlab, bardavom taraqqiyot va ravnaq tiladi.
Shuningdek, Belarus prezidentining 2024-yil fevral oyida O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Belarus orasida turli darajada muloqot va almashinuvlar samarali davom etmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 30 foizga oshdi. Yetakchi korxonalarning qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, mashinasozlik, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda.